.uz domenining muddati tugadi: uni qanday qaytarish va yo‘qotmaslik mumkin
Agar .uz domenini uzaytirishni unutgan bo‘lsangiz, u darhol yo‘qolib ketmaydi. Egasida uni qaytarish uchun vaqt bor, ammo har bir bosqichda bu qiyinlashadi.
1. Muddat tugaganidan keyingi dastlabki kunlar
Reestr FAQ’iga ko‘ra, tugash sanasidan keyin taxminan 7 ish kuni davomida domen o‘chirilgan bo‘ladi — sayt va pochta ishlamaydi, — lekin uni hali o‘z registratoringiz orqali uzaytirish mumkin.
2. Redemption — 30 kun
So‘ng domen 30 kalendar kunlik redemption’ga o‘tadi. Sayt o‘rnida «REDEMPTION PERIOD» holati va registrator nomi yozilgan reestr xizmat sahifasi ochiladi. Domenni hali tiklash mumkin: shu registratorga murojaat qiling. Tiklash shartlari va narxini registrator belgilaydi.
3. Redemption’dan keyin
Domen tiklanmasa, oddiy nom bo‘shaydi va uni istalgan kishi ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin — yaxshi domen izlayotganlar aynan shu lahzani kutadi. Qisqa va premium nomlar auksionga chiqadi.
Domenni qanday yo‘qotmaslik mumkin
- Tugash sanasini WHOIS’da ko‘ring va oldindan, yaxshisi bir necha yilga uzaytiring.
- Eslatmalarni olish uchun registratoringizda pochta va telefon raqamingiz dolzarb bo‘lsin.
- Domeningizni Domenbor ro‘yxatiga qo‘shing: holati o‘zgarishi bilan Telegram’da xabar beramiz.
Nomni allaqachon boy berdingizmi? Uni ro‘yxatga qo‘shing: yangi egasi uzaytirmasa, u yana bo‘shaganda xabar beramiz.